Kompaniya haqida

«O‘zqishloqelektrqurilish» AJ 1969-yilda, 2-son trest «O‘zselelektrostroy» trestiga qayta nomlanganda tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasining 1996-yil 6-martdagi 150k-PO-sonli «2-son «O‘zselelektrostroy» trestini ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish to‘g‘risida»gi buyrug‘i asosida «O‘zqishloelektrqurilish» OAJ sifatida tashkil etilgan.
16-iyulda 287-k raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Keyinchalik u «O‘zqishloqelektrqurilish» AJ sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

«O‘zqishloqelektrqurilish» AJ 0,4 - 10 kV dan 220 kV va 500 kV gacha bo‘lgan kuchlanishli elektr uzatish liniyalari hamda podstansiyalarni qurish va kapital ta’mirlash bilan shug‘ullanadi. Qurilish-montaj ishlari mamlakatning janubiy qismida — Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyatlarida joylashgan
8 ta mexanizatsiyalashgan kolonna tomonidan bajariladi. Mexanizatsiyalashgan kolonnalar maxsus texnika — mexanizmlar, uskunalar hamda ko‘p yillik ish tajribasiga ega malakali ishchilar va muhandis-texniklar bilan ta’minlangan. Har yili mexanizatsiyalashgan kolonnalar yuzlab kilometr elektr uzatish liniyalarini quradi. Bundan tashqari, mavjud elektr uzatish liniyalarini ta’mirlaydi va avariyalar oqibatlarini bartaraf etadi.

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida joylashgan «Samarqand yordamchi ishlab chiqarish korxonasi» MChJ elektr uzatish liniyalari qurilishi uchun zarur bo‘lgan metall konstruksiyalar va 35-220 kV kuchlanishli metall tayanchlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Uzun tumanida joylashgan «Energoqurilishmahsulot» MChJ hamda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida joylashgan «Qamashi ishlab chiqarish korxonasi» MChJda elektr uzatish liniyalari va podstansiyalar qurilishi uchun zarur bo‘lgan temir-beton tayanchlar (SV 105-3,5, SV 95-3,0, SV 105-5,0) va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.

«O‘zqishloqelektrqurilish» AJ jamoasi mustaqillik yillarida respublikada qurilgan ko‘plab muhim obyektlar qurilishida faol ishtirok etmoqda.